Rang-barang temiratki
Rang-barang temiratki | |
---|---|
KXK-10 | B36.0 |
KXK-9 | 111.0[1] |
DiseasesDB | [1] |
MedlinePlus | 001465 |
Rang-barang temiratki (Pitiryasis versicolor) – bu kasalikka chalingan insonlarning terisining rangi oʻzgarishi kuzatiladi, teri pushti, qizil yoki och jigarrang kabi ranglarda dogʻlar paydo boʻladi.
Etiologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kasallikning kelib chiqishiga koʻp terlash, diabet, tireotoksikoz, surunkali kasalliklar, semizlik, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab boʻladi. Insonning uzoq vaqt koʻp terlashi natijasida ter sifati oʻzgarib, uning himoya imkoniyati pasayadi va kasallikning yuqishiga, rivojlanishiga asos boʻladi. Asosan, terida (boʻyin, koʻkrak, kurak, qoʻllar) sut bilan kofe aralashmasi (jigarrang) rangidagi mayda dogʻlar paydo boʻladi. Dogʻlar bemorni bezovta qilmaydi va vaqt oʻtib sekin kengayib, oʻsib, bir-biri bilan qoʻshilib ketadi. Ayrim dogʻlar ustida bilinar-bilinmas, kepaksimon mayda poʻstloqlarni koʻrish mumkin. Bemor quyosh vannalari qabul qilsa, bu dogʻlar rangi oʻzgarib, oq rangli gipopigmentiv dogʻ koʻzga tashlanib turadi[2].
Klinik manzarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kasallik teri sohalarida yalligʻlanmagan pushti, sariq, jigarrang, toʻq- qoʻngʻir rang koʻrinishida boʻlgan, xuddi sutning kofe bilan aralashmasi rangini eslatib turadigan toshmalar toshishi bilan namoyon boʻladi. Dogʻli toshmaning ustki yuzasi odatda kepaksimon qipiqlar bilan qoplangan boʻlgani uchun ushbu kasallik baʼzi manbalarda kepaksimon temiratki, deb ham atalai. Toshmalar koʻkrak, boʻyin, yelkaning yuqori qismi, kuraklar oʻrtasida hamda boʻksa va qorin teri sohalarida joylashadi. Kepaksimon temiratki kasalligining kelib chiqishiga asosan shaxsiy gigiyena holatlariga rioya qilmaslik, koʻp terlash va sunʼiy matolardan tikilgan kiyimlarni uzoq vaqt davomida kiyib yurish kabi holatlar sababchi boʻladi. Kasallik oylab va yillab davom etishi mumkin. Subyektiv bemorlarni hech narsa bezovta qilmaydi, baʼzan esa yengil qichishish holati kuzatilishi mumkin. Kasallik belgilari bemorlarda bahor va kuz fasllari paydo boʻlib, qishning sovugʻi va yozning jazirama issigʻida esa yoʻqolib ketadi. Oftobda toblangan yoki mahalliy davo choralarini olgan bemorlarda qipiqlanish holati kuzatilmaydi va oʻchoqlarda hosil boʻlgan dogʻlarning oʻrnida rangi oqarib ketgan depigmentatsiyalar paydo boʻladi (soxta leykoderma). Bunday hol vitiligo (pes) kasalligi belgilarini eslatadi[3]. Asosiy simptom – aniq chegaralari boʻlgan teridagi kichik dogʻlar. Dogʻlar koʻpincha quyuq, qizil-jigarrang koʻrinishda boʻladi. Shikastlanishning eng koʻp uchraydigan joylari bu – orqa, qoʻltiq, yelka, koʻkrak va boʻyin va boshqa joylar. Taʼsir qilingan joylar quyoshda qoraymaydi (teri atrofdagi sogʻlomdan koʻra yengilroq koʻrinishi mumkin). Epidermisda koʻpayib, qoʻziqorin melanotsitlar (melanin pigmentini ishlab chiqarish uchun mas’ul boʻlgan hujayralar) ishida buzilishlarni keltirib chiqaradi. Aynan melanin tufayli tana quyosh nuri taʼsirida sargʻish rangga ega boʻladi. Qoʻziqorin tomonidan ishlab chiqarilgan rozeola kislotasi melanotsitlarning pigmentini sintez qilish qobiliyatini pasaytiradi, natijada gipopigmentatsiyalangan joylar paydo boʻladi. Dogʻlar katta oʻchoqlarni hosil qilish uchun birlashishga moyil boʻladi, lekin ular alohida holda mavjud boʻlishi ham mumkin. Yalligʻlanish jarayonlari yoʻq, ozgina kepakka oʻxshash pilakchalar mavjud boʻladi (qoʻziqorin bilan shox pardaning boʻshashishi bilan bogʻliq). Faqat epidermisning shox pardasiga (eng yuzaki) taʼsir qiladi. Kepaklanish muddati ikki haftadan bir oygacha davom etadi[4].
Terida: | Ichki aʼzolarda | Sabab boʻluvchi omillar |
---|---|---|
terlashning kuchayishi, | Endokrin oʻzgarishlar | Kortikosteroidlar bilan uzoq davolash |
qichishish | Meʼda-ichak traktining kasalliklari | Ion nurlanish |
Qoʻngʻir dogʻlar | Immunitet tanqisligi | Quyosh nurlanishi |
Qizarish | Holsizlik | Ortiqcha terlash |
Qipiqlanish | Qonda oʻzgarishlar | Ogʻir metallardan zaharlanish |
Oqarish | Nervdagi oʻzgarishlar | Sintetik kiyimlar |
Diagnozi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dogʻlar va ular atrofidagi sogʻlom teriga yod surtiladi, bunda uning yuzasidagi tangachalar yodni koʻproq singdiradi, shuning uchun shikastlangan joyda yod rangi sogʻlom joyga qaraganda toʻqroq, boʻlib qoladi (Balser sinamasi). Boshning sochli qismini lyuminessent lampasi (VUD lampasi) orqali koʻrilganda, dogʻlar yuzasi qoʻngʻir rangda tovlanadi. Yalligʻlanishsiz sal poʻst tashlab turadigan xar xil kattalikdagi qoʻngʻir—jigarrang dogʻlar va laboratoriya tekshiruvlariga asoslanib diagnoz qoʻyiladi[5].
Tashxisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashxisda quyidagilar koʻzda tutiladi:
- aniq klinik kechishi (teriga dogʻlar toshishi);
- Baltser sinamasi musbatligi (5 % li yod teriga surtilsa, toʻq rangga boʻyalib, dogʻlar yaqqol koʻrinib qoladi);
- Tirnoq bilan urish yoki Baltserning „kukun“ belgisi musbatligi:
- Tirnoq yoki shpatel bilan tirnalsa, oʻchogʻida „yashiringan“ qipiqlar borligi aniqlanadi;
- Lyuministentli nurlanish (Vud lampasida nurlash):
- Nur terapiyasida qora-qoʻngʻir yoki qora-sargʻish nurlar koʻrinishi yuz beradi,
- Tangachalarni laboratoriya tekshirish – zamburugʻlarni aniqlash uchun qolaniladi.
Qiyosiy tashxis
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Zaxm leykodermasi (dogʻlari bir-biri bilan qoʻshilmaydi, serologik reaksiyalar musbat boʻladi).
- Pushti rangli Jiber temiratkisi (dogʻlar oʻtkir yalligʻlangan, medalonga oʻxshab oval koʻrinishda boʻladi).
- Zaxm rozeolasi (dogʻlar qoʻshilmaydi, poʻst tashlamaydi, bosganda yoʻqoladi, serologik reaksiyalar musbat boʻladi).
Gistopatologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Terining muguz qavatida koʻplab zamburugʻlar topiladi. Yalligʻlanish holatlari boʻlmaydi[6].
Davosi va profilaktikasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rang-barang temiratki kasalligini davolashda zamburugʻlarga qarshi dori vositalari qoʻllanadi. Mahalliy davolashda 2-5 % li salitsil kislotasining spirtli eritmasi, 10-20 % li oltingugurt malhami, nitrofungin, Andriasyan suyuqligi, «Terbezil», «Lamizil», «Nizoral» va «Orungal» malhamlarini surtish samarali naf beradi. Fungitsid eritmalar bilan fungitsid malhamlarni navbatma-navbat qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlib hisoblanadi. Shuningdek, kasallikni davolashda 3-7 kun mobaynida avval 60 % li giposulfat natriy eritmasini, keyin esa 6 % li osh tuzi kislotasi eritmalarini ketma-ket (Demyanovich usuli) surish (bolalarga esa 40 % va 4 %li eritmalar tarzida) orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin[7].
- Gigiyena qoidalariga rioya qilish (sovundan toʻgʻri foydalanish, terlashning oldini olish).
- Giperkeratoz va ter miqdorini oʻzgartirishga olib keluvchi omillarga barham berish.
Mahalliy davo
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Demyanovich usulida davolash (1-2 eritmalar).
- Keratolitik dorilarning spirtli aralashmalaridan foydalanish.
Andreasyan suyuqligi tavsiya qilinadi;
Rp: Resorcini 2,0 Sp.vini 70,0 % ad 100,0 M.D.S. patologik oʻchoqlarga 1-marotabadan, 3-kun surtish kerak. Rp.: Hexamethyllin tetraoleini 10,0 Glycerini 20,0 S.Ac. acetini 8 % — 70,0 M.D.S. Patologik oʻchoqlarga 2-kun surtish.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ база данных Disease ontology (англ.) — 2016.
- ↑ A.M.Mannonov, Q.N.Xaitov. Keratomikozlar, 2016, Toshkent: IQTISOD-MOLIYA — 155-156-bet. ISBN 978-9943-13-601-4.
- ↑ Q.N.Xaitov, A.M.Mannonov,. Teri kasalliklari, 2016, Toshkent: IQTISOD-MOLIYA — 156-bet. ISBN 978-9943-13-601-4.
- ↑ Lishay // Ensiklopedicheskiy slovar Brokgauza i Yefrona : v 86 t. (82 t. i 4 dop.). – SPb., 1890—1907.
- ↑ S.S.Arifov. Teri kasalliklari, 2010, Toshkent: O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi — 270-271-bet. ISBN 978-9943-07-111-7.
- ↑ Arifov, S.S.. Teri va tanosil kasalliklari, 2010, Toshkent. ISBN 978-9943-07-111-7.
- ↑ Маннанов А.М., Хаитов Қ.Н.. Teri va tanosil kasalliklari, 2016, Toshkent: © «IQTISOD-MOLIYA». ISBN 978-9943-13-601-4.