Echki
Echki – quvushshoxlilar oilasiga mansub juft tuyoqli kavsh qaytaruvchi hayvon. Echki turli iqlim sharoitga tez moslasha olishi tufayli dunyoning koʻplab mamlakatlarida uchratish mumkin. Xonaki echkilar yovvoyi beozor va burama shoxli echkilardan tarqalgan deb hisoblanadi. Echkilar dastlab xonakilashtirilgan mahsuldor hayvonlar jumlasiga kiradi.
Tarqalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anov (Ashxobod yaqini)da topilgan qazilmalar echki Oʻrta Osiyoda miloddan bir necha ming yil avval boqilganini koʻrsatadi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Echki, asosan, sut, goʻsht, jun, tivit, teri va boshqalar uchun boqiladi. Oʻrtacha 9-10 yil (baʼzilari 17 yilgacha) yashaydi, xoʻjalikda 7-8 yil foydalaniladi. Uloqlari 5-8 oyligida jinsiy yetiladi, 14-18 oyligida qochiriladi. Boʻgʻozlik davri 5 oyga yaqin. Xonaki zotlarining koʻpi serpusht: har 100 bosh urgʻochi echkidan 150-250 uloq olinadi. Yaxshi ozuqa sharoitida asrab boqilganda yiliga 2 marta bolalaydi. Takalarining tirik vazni 60-65 kg dan 100 kg gacha, urgʻochilariniki 40-60 kg. Olinadigan mahsulotga qarab tivit, jun, goʻsht, sut, teri, moʻyna va aralash mahsulotlar beradigan echki zotlari bor. Sersut zotlaridan yiliga oʻrtacha 450-550 kg gacha sut sogʻib olinadi. Sutining yogʻliligi 3,8-4,5%. Serjun zotlar juni uzunligi 15-18 sm, takalaridan 4-6 kg, urgʻochilaridan 3-5 kg dan jun qirqib olinadi. Sertivit zotlaridan 0,2-0,5 kg dan 2 kg gacha tivit tarab olish mumkin. Yaxshi boqilgan katta yoshdagi echki 20-28 kg goʻsht va 4-6 kg yogʻ, 7-10 oylik echkilar esa 12 kg goʻsht va 1,5 kg yogʻ beradi.
Eʼtiborli jihatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Echki oʻlat, chechak va sil kasalliklarini yuqtirmasligi, oqsil va yengil oʻzlashtiriluvchi yogʻlarga boy sut berishi bilan eʼtiborli. Echki sutida mis, rux, marganets, yod, kumush va boshqalar shu kabi mikroelementlardan tashqari kamqonlikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan kobalt moddasi nisbatan koʻp uchraydi.
Zotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekistonda jaydari (qora junli) echkilardan tashqari angor echkisi, zaane echki zoti, orenburg echki zoti va boshqalar boqiladi. Oʻrta Osiyoda XX asrning 30-60-yillarida mahalliy dagʻal junli echkilarni angor zoti takalari bilan chatishtirib serjun echki zoti chiqarilgan. Zaenen echkisi eng mazali va qimmatbaho sut ishlab chiqaruvchisi boʻlib, sut sogʻish darajasi boʻyicha barcha sut nasllari orasida birinchi oʻrinni egallaydi. Bu zotdagi echkilarning balandligi 94 sm, echkilar – 77 sm, tana hajmi – 80 dan 84 sm gacha, kattalar hayvonlarida tana vazni 95-98 kg gacha boʻladi.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Echkichilik
- Hayvonlar
- echkilar)[sayt ishlamaydi]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |