Ebonit
Ebonit (yun. — qora daraxt), qattiq rezina — tabiiy yoki sunʼiy kauchukni oltingugurt (kauchuk massasiga nisbatan 30—50%) bilan vulkanizatsiyalashdan hosil boʻlgan mahsulot. Ebonitda bogʻlangan oltingugurt 32% ga yaqin, formulasi (S6N95)2. Ebonit qoʻngʻir yoki qora tusli; zichligi 1140 kg/m3, mexanik ishlovga oson beriladi, gigroskopik emas, gazlarni singdirmaydi, kislota va ishqorlar taʼsiriga chidamli, uglerod sulfid va neft mahsulotlarida erimaydi, parafinda 300° dan yuqori darajada eriydi. 70— 80° da yumshaydi, soviganda yana qattiqlashadi, 200° dan yuqori darajada erimay koʻmirga aylanadi.
Ebonit tayyorlash uchun nihoyatda toza kauchuk ishlatiladi. Toʻldirgich sifatida ebonit kukuni, talk, pemza, oq qurum va boshqalar ishlatiladi. Qora tusli ebonitga oz miqdorda (3—5%) qurum qoʻshiladi. Ebonit, asosan, elektrotexnika mahsulotlari, kislota va ishqorlar uchun idishlar tayyorlashda qoʻllanadi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |