Kontent qismiga oʻtish

Geosferalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
geosfera sxemasi

Geosferalar (grekcha: γῆ - geo va σφαῖρα - sfera) — Yerni tashkil etgan konsentrik qobiklar. Yerning ustidan markaziga tomon atmosfera, gidrosfera, Yer poʻsti, mantiya, yadro Geosferalarlari ajratiladi. Ichki va tashqi Geosferalar farq qilinadi. Tashqi Geosferalar atmosfera va gidrosfera, ichki Geosferalar Yer poʻsti, mantiya va yadrodan iborat.

Geosferalarning ichki tuzilishi toʻgʻrisidagi tasavvurlar geofizika maʼlumotlariga asoslangan. Yer poʻsti mantiyaning ustida joylashgan va undan Moxorovichich yuzasi bilan ajralgan. Yer poʻstining qalinligi okeanlar tubida 3–12 km, kontinental zonada oʻrtacha 35 km, eng qalin joyi togʻliklar ostida 50–84 km. Moxorovichich yuzasining tagida 2900 km chuqurlikda Yer mantiyasi oʻrnashgan. U ikkiga — yuqori va quyi mantiyaga ajraladi. Yuqori mantiyaning kalinligi 850–900 km, quyi mantiyaniki — 2000 km ga yaqin. Mantiyaning Yer poʻsti ostida joylashgan qismi substrat deb yuritiladi. Yer poʻsti substrat bilan birgalikda litosferani tashkil etadi. Yuqori mantiyaning pastki qismi boʻlgan astenosferaning massasi yuqori darajada plastik boʻlganligidan seysmik toʻlqinlar oraliq qatlamlarga qaraganda sekinroq tarqaladi. Astenosfera quyi mantiyadan Golitsin qatlami bilan ajralgan. Bu katlamda seysmik toʻlqinlar tez harakatlanadi. Yer yadrosi tashki va ichki yadroga boʻlinadi. Bular oraligʻida qalinligi 300 km ga teng oʻtish zonasi joylashgan. Yer yadrosining radiusi 3500 km ga yaqin. Ichki yadroda seysmik toʻlqinlarning tezligi oʻzgarmaydi. Koʻpchilik tadqiqotlarga koʻra yadro va mantiyaning quyiqismi yupqa konsentrik qatlamlardan tuzilgan, agregat holati bir xil, zich, qayishqoq.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil