Kontent qismiga oʻtish

Anvar Posho

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Anvar posho
Asl ismi

usm. اسماعیل انور پاشا

turkcha: Enver Paşa
Tavalludi 22-noyabr 1881-yil
Istanbul, Usmoniylar imperiyasi
Vafoti 4-avgust 1922-yil(1922-08-04)
(40 yoshda)
Chagana qishlogʻi, Buxoro amirligi / Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Rossiya imperiyasi (hozirgi Tojikiston)
Fuqaroligi Usmoniylar imperiyasi
Turkiston istiqlolchilik harakati
Xizmatdagi yillari 19031918
19211922
Unvoni General
Qoʻmondonlik qilgan Bosh shtab boshligʻi
Harbiy vazir
3-turk qoʻshini
Turkiston istiqlolchilik harakati qoʻmondoni
Jang/urush

Yoshturklar inqilobi
Italyan-turk urushi
Birinchi Bolqon urushi
Ikkinchi Bolqon urushi
Birinchi jahon urushi

Rossiyadagi xorijiy harbiy intervensiya

Mukofotlari
3 darajali Majidiya ordeni 4 darajali Usmoniya ordeni
1-klass Temir xoch 2-klass Temir xoch
Dastxati Enver Paşa imzası

Ismoil Anvar, boshqa manbalarda Anvar posho avval Anvarbey (usm. اسماعیل انور پاشا , turkcha: Enver Paşa); (1881.22.11, Istanbul — 1922.4.8, Baljuvon) — usmoniylar harbiy va siyosiy arbobi. Birinchi jahon urushi davrida Usmoniylar imperiyasining harbiy vaziri. Zamonaviy Turkiya respublikasi tuzilishida ishtirok etgan harbiy qoʻmondonlardan biri. Turkiston istiqlolchilik harakatining yoʻlboshchilaridan biri; panturkchilik nazariyotchisi va amaliyotchisi. 1908-yilgi Yosh turklar inqilobining faol ishtirokchisi, Turkiya, O’zbekiston va Turkiston faxriysi.

Faoliyati haqida qisqacha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1909-11 yillarda Berlinda harbiy attashe. Turkiya, Makedoniya, Kavkaz, Germaniya, Rossiya, Turkistondagi siyosiy jarayonlarda qatnashgan. 1908-yil Turkiyada davlat toʻntarishiga rahbarlik qilib, Sulton Abdulhamid II hokimiyatiga chek qoʻydi, Turkiyaning chet davlatlar tomonidan boʻlib tashlanishiga barham berdi. 1913-yil yanvarda „Hurriyat va ittihod“ partiyasini hukumatdan chetlatdi. Tal’at posho hamda Jamol posho bilan birga norasmiy uchlik tuzdi, butun hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. Turkiyaning Germaniya bilan harbiy ittifoq tuzishi va Birinchi jahon urushiga qoʻshilishi tashabbuskori boʻldi, bosh qoʻmondon — sultonning noibi sifatida urushda turk qoʻshinlariga qoʻmondonlik qildi. Turkiya urushda yengilgach, Anvar posho avval Germaniya, Rossiyaga va nihoyat 1921-yil kuzida Buxoroga keldi va Turkiston istiqlolchilari tarafiga oʻtganini eʼlon etdi. Bolsheviklarga qarshi kurashga qoʻshildi;

Yoshlik yillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Anvar posho Italyan-turk urushi davrida 1911—1912-yillar

Ismoil Anvar 1881-yilning 22-noyabrida Istanbulda temir yoʻl ishchisi Xoji Ahmadbey va Oysha Diloro oilasida tugʻilgan. Etnik jihatdan otasi turk, onasi alban (buvisi cherkeshen qavmidan)[1]. Otasi jamoat ishlari idorasida faoliyat yuritgan Anvardan tashqari oilada yana uch farzand bor edi; Nuri, u harbiy boʻlgan, Komil va singlisi. Boshlangʻich va oʻrta maktabni bitirgandan soʻng Monastir shahridagi harbiy litseyga oʻqishga qabul qilinadi. Leytenant lavozimi bilan litseyni bitiradi[2]. Harbiy bilimini Harbiy akademiyaning Bosh shtabida davom ettiradi, 1903-yilda u yerni kapitan lavozimi bilan bitiradi. 1906-yil mayorlik lavozimidagi Anvar „Birlik va taraqqiyot“ partiyasi bilan bogʻliq boʻlgan „Vatan va hurriyat“ maxfiy jamiyati bilan aloqa oʻrnatadi. 1908-yil iyunida rus imperatori Nikolay II va ingliz qiroli Eduard VII oʻrtasida Ravelda imzolangan Makedoniyani isloh qilish toʻgʻrisidagi kelishuv usmoniy ofitserlar qulogʻiga yetib boradi. U ofitserlarni sergaklikka chorlaydi, chunki Makedoniyada turgan usmoniy harbiylari buni Usmoniylar imperiyasining boʻlinishi sifatida qabul qilishadi. Oʻsha yilning 3-iyulida Makedoniyaning Rasen shahrida mayor Ahmad Niyozibey boshchiligida gʻalayon koʻtailadi. 6-iyulda gʻalayonga Anvar ham qoʻshiladi. Bir necha kun ichida Anvarning qoʻshinlari soni bir necha ming kishiga yetadi. 1908-yilning 10-iyulida mitingda, toʻplardan uch karra oʻq uzilib, Anvar Usmoniylar imperiyasi konstitutsiyasi tiklanganini eʼlon qiladi[3]. Shundan soʻng musulmonlar va nasroniylar oʻrtasida inoqlik kuchaya boradi. Anvarning ildam harakatlari va gʻalabasi unga xalq ichida mashhurlikni olib keladi. Unga Ozodlik qahramoni deya nisbat berishadi, hattoki uni Napoleon I bilan tenglashtira boshlashadi. Inqilob nashidasi va toʻsatdan kelgan kelgan mashhurlik Anvarda oʻzining „alohida taqdirli“ va „xudo yarlaqagan“ inson ekanligiga ishonchini oshiradi[3]. Inqilobdagi gʻalaba va 1876-yilgi konstitutsiyaning tiklanishidan soʻng Anvar diplomatik missiya bilan Berlinga joʻnaydi. 1909-yil Anvar Berlindagi harbiy attashe lavozimiga tayinlanadi va u yerda ikki yil qolib ketadi. Germaniyada oʻtgan ikki yil davomida Anvar ashaddiy nemisparastga aylanadi. Ayniqsa uni nemis armiyasi, undagi qatʼiy intizom, harbiy tayyorgarlik va zamonaviy qurollanish oʻziga mahliyo qiladi[3]. 1911-1912-yillardagi Italyan-turk urushida Usmoniylar imperiyasining magʻlubiyati xalq orasida yoshturklarning obroʻsi tushishiga sabab boʻladi. 1912-yil mamlakatda „Hurriyat va ittihod“ partiyasi ishtirokida davlat toʻntarishi boʻlib oʻtadi. Partiya aʼzolari hukumat tepasiga chiqqach asosiy oʻrinda yoshturklar boʻlgan parlament tarqatib yuboriladi[4].

Mamlakat boshqaruviga chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yoshturklar hokimiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
1913-yil Usmoniylar imperiyasidagi davlat toʻntarishidan soʻng Anvar posho chet ellik vakillarni kutib olmoqda

1913-yil yanvarida Anvar davlat toʻntarishini amalga oshiradi, oqibatda Komil posho hukumati tanazzulga yuz tutadi. Isyondagi gʻalabadan keyin Tal’at posho va Jamol posho bilan birga „uch posho“ harbiy diktaturasiga asos soldi, bu bashirkat uchlik amalda Turkiyadagi butun hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. Harbiy vazir lavozimini egallagan Anvar panturkchilik va panislomchilik gʻoyalarini ilgari surdi. Usmonli turk imperiyasidagi nasroniylarni (asosan armanlar va livanlikar) mamlakatdan siqib chiqarish tarafdori boʻladi. 1914-yil Anvar Turkiyaning Germaniya bilan harbiy ittifoq tuzishi va Birinchi jahon urushida ishtirok etishi tarafdori boʻldi. Urush davrida u Oliy bosh qoʻmondon oʻrinbosari lavozimini egalladi (Oliy bosh qoʻmondon sulton hisoblanardi).

Birinchi jahon urushi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1914-1917-yillarda Anvar posho, Tal’at posho, Nozimbey va Axmed Agayevlar „Turon yoʻli“ nomli panturkchilik siyosiy harakatini boshlashadi. Bu harakatning asosiy maqsadi — Kavkaz, Eron, Qrim, Volgaboʻyi va Turkistonda yashovchi turkiy xalqlarni Rossiya va Erondan ajratib olib, yagona „Turon“ mamlakatiga asos solish edi[5]. Bu maqsadning amalga oshirilishiga toʻgʻanoq boʻlganlardan biri arman xalqi boʻldi.

Sariqamish jangi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmoniylar imperiyasi hududidagi genotsidlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi jahon urushi davridagi Usmoniylar imperiyasi tomonidan amalga oshirilgan arman, yunon va ossuriylarga qarshi boshlangan jangni tashkilotchilari Anvar posho, Tal’at posho va Jamol posholar edilar.Chunki armanlar turklarga qarshi ko’p genotsid qilgan xalqdir. Shu jumladan Turkistonda Farg’onada Uzbeklarni qirganlar xam, dashnoq armanlaridir

Germaniyadagi qochqinlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Anvar posho va Vilgelm II 1917-yil

1918-yil Turkiya Mudross bitimini imzolaganidan soʻng, Anvar posho, Tal’at posho va Jamol posho suvosti kemasida Germaniyaga qochishga majbur boʻlishadi. U yerda Anvar posho oʻziga Alibey tahallusini tanlaydi. Turkiyada harbiy tribunal Anvarni qatl etishga hukm chiqaradi. 1919-yil Germaniyada Anvar posho Shoʻro Rossiyasi vakili Karl Redekov bilan uchrashadi. Anvar poshoning bundan maqsadi bolsheviklar bilan yaqin aloqa oʻrnatish va bu orqali Oʻrta Osiyoda Buyuk Britaniyaga qarshi kurash kampaniyasini eʼlon qilish uchun foydalanish edi.

Moskvadagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1920-yil boshlarida Anvar posho oʻz maslakdoshlari bilan Moskvaga boradi. U paytda bolsheviklar Mustafo Kamol boshchiligidagi Milliy partiya bilan ham Anvar posho boshchiligidagi Yoshlar partiyalari bilan ham yaxshi aloqada edilar. Anvar Moskvada bir yarim yil ishlab, Inqilob va Islom Birligi Jamiyatida faoliyat yuritadi. Unga Buyuk Millat majlisining 1921-yil 12-martdagi qarori bilan Turkiyaga kirish taqiqlab qoʻyilgan edi. Shoʻro Rossiyasi IIBJdan foydalanib, Oʻrta Osiyo va Kavkazda oʻz manfaatlarini himoya qilishni oʻylasa, Anvar posho uchun bu u yerdagi inglizga qarshi kurashish imkoniyatini berardi. Ahmad Jamol posho oʻz zimmasiga Turkistonning istiqlolchi kuchlarini inglizlarga qarshi harbiy operatsiyalarga yoʻnaltirish maqsadida bir qancha turk ofitserlari bilan Toshkentga yetib keladi. U yerda shoʻro hukumati nomidan ish koʻradi ammo bu operatsiyadan ish chiqmagach, u yana Moskvaga qaytishga majbur boʻladi. Bu davrda Anvar posho oz vaqtga Germaniyaga ketadi, keyinchalik RSFSR uni Bokuda tashkil etilgan Sharq Xalqlari Konferensiyasiga taklif etadi. Uning ishtirokini Turkiya va ayrim Ozarbayjon vakillari tomonidan qarshiliklarga uchraydi. Uning islom va bolshevizmning birlashish gʻoyasi bilan chiqishi musulmon boʻlmagan ishtirokchilarga ham yoqmaydi. 1921-yil 30-iyul konferensiyadan soʻng Anvar posho yaqinlarini koʻrish uchun Botumiga boradi. Botumidalik vaqtida u oʻzining siyosiy raqibi Kamol Otaturk bilan kuchlarini birlashtirish va vatan himoyasi yoʻlida turib, yunonlarga qarshi kurashish yoʻlini tanlaydi. Bu kurashdagi Turkiyaning gʻalabasi Mustafo Kamolning hukumatni toʻliq qoʻlga olishi uchun juda qulay keladi, rasmiy Moskva ham butunicha uni qoʻllab-quvvatlaydi. Chicherinning fikricha panturkchilik gʻoyalari Turkistondagi istiqlolchilik harakatiga qarshi kurashish uchun qoʻl keladi va Anvar posho 1921-yil noyabrida u yerga yuboriladi.

Anvar posho Turkistondagi ahvol haqida asosan Botumi konferensiyasi paytida eshitgan maʼlumotlarnigina bilardi. „Turon yoʻli“ loyihasining faol ishtirokchisi Hoji Sami unga: „1916-yil oddiy va kamtarin turk butun Qirgʻizistonni ruslarga qarshi oyoqqa turgʻazdi. Sen esa mashhurliging bilan Turkistonliklarni shaksiz ergashtira olasan“, deydi[6]. Bu davrda Anvar posho shoʻrolar hukumatining oʻziga nisbatan eʼtiborini biroz soʻndirganini sezardi. Afgʻonistondan qaytgan Jamol poshoga Anvar poshoni koʻrish uchun Buxoroga kelishni taqiqlash bu sezgini yanada kuchaytirib yubordi. Yurenyov Anvar poshoga uning rejalarini bilishini aytadi, Anvar posho bolsheviklar uni oʻdirib yuborishlaridan choʻchiydi. 1921-yil shoʻro hukumati Anvar poshoni Buxoroga yuborishidan maqsadi — Anvar posho Buxoro tuprogʻida Shoʻro Rossiyasi manfaatlarini himoya qilishi, istiqlolchilar harakatidan amirga qarshi kurashda foydalanish edi. BXSR hukumati bilan soʻzlashuvlar va kelishuvga binoan Anvar posho BXSRning mustaqilligini tan olish va Qizil armiya qoʻshinlarini Buxoro hududlaridan olib chiqish toʻgʻrisiga Moskvaga xat yozadi. Bu vaqtga kelib, Anvar posho istiqlolchilar tarafiga oʻtish haqida rejalar tuza boshlaydi va Turkiston Milliy kengashi raisi Ahmad Zakiy Validiy bilan maxfiy uchrashuvlar oʻtkaza boshlaydi. Validiy uni bolsheviklar bilan ochiq kelishmovchiliklarga bormaslik haqida ogohlantiradi. Oʻrta Osiyoga kelishining 23-kunida Anvar posho shahar tashqarisiga chiqadi va istiqlolchilarga taslim boʻladi. U yerdan Afgʻonistonga, sobiq amirga xat yoʻllab, uning tomonida jang qilmoqchiligini bildiradi. Bu bilan bir vaqtda amirning noibi, istiqlolchilar sardori Ibrohimbek bilan ham uchrashuv belgilaydi. Lekin istiqlolchilar Anvar poshoni hamkor sifatida kutib olishmaydi, uni va odamlarini qurolsizlantirib, uch oy davomida asirlikda saqlaydilar. Ibrohimbek sobiq amirdan sobiq turk sultonining kuyovini qoʻllab-quvvatlash haqidagi buyrugʻini olgandan keyingina Anvar poshoni ozod qiladi[7].

Istiqlolchilik harakatining yoʻlboshchisi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1921-yil oktabr oxirlarida BXSR hududidagi Qizil armiya qoʻshinlarining soni joylashgan oʻrni haqida maʼlumotga ega boʻlgan Anvar posho Oʻrta Osiyoni bolsheviklardan ozod qilish rejalarini amalda boshlab yuboradi. Istiqlolchilar otryadlarini bolsheviklarga qarshi kurash uchun birlashtirish ishlariga kirishadi. Unga bu ishlarda Toshkent muftiysi Sadriddinxoʻja Sharifxoʻjayev tomonidan tuzilgan maxfiy aksilshoʻro Milliy birlik qoʻmitasi ham koʻmaklashadi. Anvar posho bir necha turk ofitserlari bilan sharqiy Buxoro boʻylab istiqlolchi guruhlarni bir qoʻshinga birlashtirishda davom etadi. Sobiq Buxoro amiri Sayyid Olimxon uni Buxoro, Xiva va Turkistonning bir qismidagi barcha istiqlolchilarning bosh qoʻmondoni sifatida tan oladi. 1922-yil yanvarida Anvar posho boshchiligidagi istiqlolchilar qoʻshini Dushanbeni qoʻlga kiritishdi, undan soʻng Buxoro shahriga yurish amalga oshirildi. Qisqa davr ichida bu qoʻshin butun Sharqiy Buxoro hududlarini bolsheviklardan tozalaydi. Shoʻro hukumati Anvar posho bilan sulh tuzishni va Sharqiy Buxoroda uning gʻalabasi tan olinishini taklif qilishadi lekin Anvar posho har qanday sulh tuzishdan bosh tortib, Qizil armiyaning butun Turkiston hududlaridan chiqib ketishini talab qiladi. 1922-yil mayida Qizil armiya Amudaryo, Panj, Vahsh daryolari oqimlaridan foydalanib, qoʻshinlarni boshqa joyga koʻchiradilar. Anvar poshoning yoʻlboshchiligini toʻliq tan olmagan Ibrohimbek unga yordamga kelmaydi. Anvar posho bir necha magʻlubiyatlardan soʻng Dushanbeni bolsheviklarga topshiradi. Anvar posho qoʻshinlari Laqay vodiysidan oʻtayotgan payt ularga qoʻqqisdan Ibrohimbek qoʻshini hujum boshlaydi va katta talafotlar yetkazadi. Anvar posho qoʻshini bilan Baljuvon shahri yaqinida joylashadi. U yerda Qizil armiya tomonidan taʼqib qilnadi va katta jangni boy beradi.

Anvar poshoning qabri 1930-yillargacha ziyoratgoh sifatida mashhur boʻlgan, keyinchlik shoʻrolar uning qabrini buzib, joyini tekislab tashlashgan lekin tub aholi qabr oʻrnini ziyorat qilishda davom etishgan. Bu qabr xalq ichida Mozori Hazrati-Shoh nomi bilan mashhur. 1996-yil 4-avgustda Anvar poshoning suyaklari Baljuvon hokimi Izzatullo Hayoyev tomonidan tantanali ravishda Turkiya prezidenti Sulaymon Demirelga topshirilgan[8].

Anvar posho shaxsiga baholar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qizil armiya, istiqlolchilar, amir bilan qator kelishuvlar va nizolarga yoʻl qoʻygan Anvar poshoning shaxsiga bir tomonlama baho berish juda mushkul. Nima boʻlganda ham u oʻziga, Turkistonda panturkchilik davlati qurish haqidagi oʻz qarashlariga oxirigacha sodiq qoldi. U asosan „Islom qurolli kuchlari Bosh qoʻmondoni va Buxoro amiri noibi“ lavozimidan foydalangan. Anvar poshoning shaxsiy muhriga „Islom qoʻshinlarining Oliy Bosh qoʻmondoni, Xalifaning kuyovi va Muhammad(s.a.v.)ning noibi“ deb oʻyib yozilgan. Oʻz vaqtida Anvar oʻzining sayyidlar avlodidan ekanligini targʻib qilishga uringan. Uning ota tomondan ajdodi pravoslav dinidagi gagauzlardan boʻlib, Qrim xonlariga xizmat qilgan, keyinroq islomni qabul qilib, Bogʻchasaroy xizmatkorlaridan biriga uylangan, Qrimni Rossiya bosib olganidan soʻng, Dunay knyazliklariga koʻchib ketgan. Shunday ekan, Anvar Muhammad (s.a.v.) avlodlariga hech qanday aloqador emasligini taʼkidlash joiz. Teyliryan ustidan sud qilinayotgan paytda Teyliryanning advokati shunday degan:

Oʻzlarini “islom himoyachilari” deb atagan Tal’at posho, Anvar posho, Jamol posho va Nozimbey aslida ateist boʻlganlar!

Oilasiga yoʻllagan maktubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

U Baljuvondan turmush oʻrtogʻiga yozgan oxirgi xatida bunday deydi:

Sen bilursanki, manim haqimda tuhmat tashviqotlar tarqatib yurgan badbaxt kimsalarning iddao etganlaridek, bu olis diyorga (yaʼni Turkistonga) mol-dunyo axtarib, boy boʻlmoq yoki oʻz hokimiyatimni qurmoq uchun kelganim yoʻq. Meni sendan uzoqlashtirib, bu joylarga keltirgan Janobi Haqning zimmamga yuklagani bir vazifadir...[9]

Vafoti haqida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Anvar poshoning shahid boʻlganini
eshitgan Abdulhamid Choʻlpon
quyidagi baytlarni bitgan:

Eng soʻnggi umidni qonga boʻyagan,
Oh, qanday xayrsiz zamonlar kelgan.
Faryodim dunyoni boʻgʻib oʻldirsin,
Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin.

Anvar posho 1922-yil 4-avgust Qurbon hayitining ikkinchi kuni Baljuvon shahridan 25 km uzoqlikdagi Chagana qishlogʻida Qizil armiya askarlari (8-shoʻro kavaleriya brigadasi) bilan boʻlgan jangda vafot etgan (hozirgi Tojikiston hududi)[10].

Chekist Georgiy Agabekov oʻzining esdaliklarida Anvar poshoning joylashgan joyini topish opaeratsiyasi haqida yozib qoldirgan (Agabekov oʻzining sherigi bilan savdogarlar qiyofasida mahalliy aholiga aralashib ketgan va pul, pora evaziga Anvar posho shtabi joylashgan yerni bilib olganlar). Oʻsha esdaligida Anvar posho shtabiga hujum qilgan otliq divizion qoʻmondoni raportini ham ilova qilgan:

Anvar posho boshchiligidagi bosmachilar shtabi toqqa qarab qochmoqchi boʻldi, biroq ular pistirmadagi eskadronga duch kelib, jangni qabul qilishdi. Jang natijasida dushman shtabi yoʻq qilindi. Faqat uchta odam qochib qutuldi. Jang maydonida 28 ta jasad qoldi. Ularning orasida Anvar posho ham bor edi. Qilich zarbidan uning boshi va jasadining bir qismi chopilgan. U bilan "Qurʼon" topildi[11].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. „Enver Pasha“. Encyclopedia Britannica (1911). 2012-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 24-fevral. (WebCite saytida 2012-02-04 sanasida arxivlangan)

  2. Вдовиченко Д. И. Энвер-паша // Вопросы истории. 1997. № 8. С. 43.
  3. 3,0 3,1 3,2 Вдовиченко Д. И. Энвер-паша // Вопросы истории. 1997. № 8. С. 44.
  4. История Востока: в 6 т. — М.: Восточная литература, 2005. Т. 4. Кн. 2. С. 328.
  5. Гасанова Э. Ю., «Идеология буржуазного национализма в Турции» // Баку, изд. АН АзССР, 1966 г.; Козубский К. Э., «Под копытом» // Общеказачья газета «Станица», Москва, № 2(26), декабрь 1998 г.
  6. Zeki Velidi Togan. «Hatıralar: Türkistan ve Diğer Müslüman Doğu Türkleri’nin Milli Varlık ve Kültür Mücadeleleri» Istanbul, 1969. Стр. 390.
  7. Turkiya 75 yoshda, 56-bet (PDF), 2019-08-28da asl nusxadan (PDF) arxivlandi, qaraldi: 2018-02-24
  8. Soner Yalçın, Osmanlı’nın Anıtkabiri Abide-i Hürriyet’di, Hürriyet Gazetesi, 29.04.2007
  9. http://www.e-tarix.uz/milliyat-insholari/maqolalar/1059-maqola.html
  10. Зевелев А. И., Поляков Ю. А., Чугунов А. И.. Басмачество: возникновение, сущность, крах. М.: Наука, 1981. 
  11. Георгий Агабеков ЧК за работой Глава VI. Убийство Энвер-паши — Приложение к журналу «Отечественные архивы». Выпуск 1. Москва — 1992. Ассоциация «КНИГА • ПРОСВЕЩЕНИЕ • МИЛОСЕРДИЕ», ББК 67.99(2) 116.2 Л63